Umid Ahmadjonov

O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov bugun Milliy olimpiya qo'mitasi yig'ilishida ishtirok etdi. Yig'ilishda MOQga yangi prezident, bosh kotib va vitse-prezidentlar saylandi. Bu haqda tadbirda qatnashgan KUN.UZ manbasi xabar bermoqda.

Shu kungacha Milliy Olimpiya qo'mitasiga rahbarlikni Mirabror Usmonovdan qabul qilib olgan Alisher Sultonov amalga oshirib kelayotgan edi, bosh kotib vazifasida Oybek Qosimov ishlab kelayotgan edi.

Alisher Sultonov

Yangi tayinlovlar natijasida O'zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov MOQ prezidenti etib saylandi. MOQ bosh kotibi lavozimiga Jasur Matchonov tayinlandi.

MOQ vitse-prezidentlari etib, Murod Azimov, Alisher Sultonov, Oybek Qosimov va Salim Abduvaliyev tayinlandi.

Ahmadjanov Umid Mahamadjonovich 1977 yil 16 may kuni Toshkent shahrida tavallud topgan.

Millati o'zbek. Ma`lumoti oliy. O'zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutini imtiyozli asosda tugatgan.

Mehnat faoliyatini 1995 yilda «Zenit» firmasida ishchi sifatida boshlagan. 1995-2001 yillarda «Ilmu Ziyod» xususiy korxonasida ishchi, keyinroq 26-sonli qurilish boshqarmasida ishchi hamda operator vazifalarida, shuningdek, Olimpiya Aktsionerlik Jamiyatida avtosanoat bo'limi rahbari sifatida faoliyat olib borgan.

2002 yilda O'zbekiston nogironlar sport federatsiyasi Bosh kotibi lavozimiga tayinlandi. 2007 yilga kelib, dastlab O'zbekiston Milliy Paralimpiya Assotsiyatsiyasi Bosh kotibi hamda raisi o'rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Ushbu tashkilotdagi faoliyati bilan birgalikda U.Ahmadjonov 2007 yildan e`tiboran O'zbekiston Dzyudo Federatsiyasi raisi o'rinbosari hamda O'zbekiston Olimpiya Qo'mitasi vitse-prezidenti lavozimlarida ham samarali faoliyat yuritdi.

12 sentabr kuni O'zbekiston futbol federatsiyasida o'tkazilgan hisobot-saylov konferensiyasida Umid Ahmadjonov O'FFning yangi prezidentiga etib saylangan edi.